Poyezdga yetolmagach yigit yugurishdan to`xtadi. "Jin ursin o`sha svetaforni,- hayolidan o`tkazardi u,- ertaroq harakatlanish kerak edi. Qayerdanam o`sha betayinning mashinasiga o`tirdim!" U asabi tarang holda ortga o`girildi. Shu vaqtda xuddi o`zi kabi poyezd ortidan afsuslanish bilan qarab qolgan qizga ko`zi tushdi. Qizning uzun sochlarini shamol o`ynab, xafaqon yuzlariga tushirarkan, yigit undan ko`zlarini uzolmay qoldi. Haqiqatda, qarshisida judayam sohibjamol 21-22 yoshlar atrofidagi qiz turardi.Qiz ham yurishdan to`xtadi. Uning shaxlo ko`zlari anchagina olislab ketgan poyezdga termulgan ko`yi yig'lab yuborishga tayyor turardi. Yigitga qizning bu holati judayam g'alati, o`zgacha jozibali tuyulardi. Ayni damda yigit poezdni unutib ham yuborgandi. "Yaxshiyam shu svetafor bor ekan", - tabassum qildi u. Qiz ham taqdirga tan berdi shekilli, yigit tomonga qaradi. - Salom, -dedi yigit. - ... - Poezdda ketadigan odam bunday ertaroq harakat qilishi kerakda. - Sizga o`xshabmi,- kuldi qiz. - Yo`q, men poezddan sizni ko`rib tushib qoldim. Qiz javob bermay vokzal ichi tomon yo`l oldi. Yigit unga yetib oldi va gapirishda davom etdi: - Bu shaharda hamma shoshadi, xatto poezdlar ham. - Sizchi? - Menmi? Shoshib qayerga ham borardim. Taqdirimda nima yozilgan bo`lsa shu. Kechirasiz, siz taqdirga ishonasizmi? - Yo`q. - Bekor qilasiz. Qiz kassaga borib keyingi poezd qachon bo`lishini so`radi. 8 soatdan keyin degan javobni eshitgach, juda xafa bo`ldi. Yigitni esa ushbu javob mutlaqo xursand qilib yuborgandi. Chunki bu go`zal qiz tobora uni maftun qilib borardi. - Afsus,- dedi qiz. Yigit bo`lsa, kassadagi qizga minnatdorchilik bildirdi: - Rahmat sizga, iloji bo`lsa yana qo`shimcha 8 soat ushlab turinglar o`sha poyezdni. Qiz yigitni kuzatib turarkan, uning o`zini tutishidan hayron qolardi. Qiz odamlar gavjum bo`lgan kutish zalidagi o`rindiqlardan biriga borib o`tirdi. Biroz o`tgach yigit ham uning yoniga kelib o`tirdi. - Mening ismim ... , bu shaharda mehmonman. Sizchi? - Men ham mehmonman,- javob berdi qiz. - Ismingizni aytmaysizmi? - Zarurati yo`q, ishonavering. - Albatta... Ishonish yarim g'alaba degani. Qiz qo`ng'iroq qilish uchun chetroqqa chiqdi. Qayergadir qo`ng'iroq qildi. Yigit uni diqqat bilan kuzatardi... Qiz qaytib kelgach yigit undan so`radi: - Uzr, ruchka topiladimi? Qiz sumkasidan ruchka olib yigitga uzatdi. Yigit dabdurustdan ruchka bilan qo`liga nimanidir yozdi-yu qizga ruchkasini qaytarib berdi. Bir oz o`tgach qiz o`rnidan qo`zg'aldi. Yigit: - Sizni uyda kutishyapti, shunaqami? - Ha. - Avtobusda 6 soatlik yo`l. Umuman olganda keyingi poyezdni kutishning foydasi ham yo`q. Maylimi, sizga hamrohlik qilsam? Faqat yo`q demang. - Nega endi yo`q demasligim kerak? - Chunki, meni taqdirimga siz bilan bitta avtobusda birga ketish yozilgan bo`lishi kerak. - Aytdimku, men taqdirga ishon... Qiz oxirigacha gapirolmadi. Aniqrog'i yigit kaftlarigahaliroq qizning ruchkasi bilan yozgan yozuvni unga ko`rsatgach hayratdan gapirishdan ham to`xtab qoldi. Yigitning qo`liga bejirimgina harflarda qizning ismi yozilgandi. Qiz o`rnidan qo`zg'alib, allaqachon chiqish eshigi tomon yo`nalgan yigitdan so`radi: - Qayerdan topdingiz? Yigit qizga o`girilib qaradi, qo`lini avval ko`ksiga, keyin peshonasiga olib bordi-yu kulib javob berdi: - Buni taqdir deydilar... * * * Qiz va yigit shaharlararo qatnovchi avtobusga chiqishdi. Biroz jim o`tirishgach yigit kamzulining kissasidan judayam ixcham, lekin o`ta chiroyli kichik gul g'uncha olib qizga tutdi: - Tug'ilgan kuniz bilan! Qiz ko`zlarini katta-katta ochib yigitga qarardi. Haqiqatda bugun uning tug'ilgan kuni, shu sabab uyiga shoshilayotgandi. Yonida o`tirgan o`ta qobiliyatli quvnoq "folbin" esa uni hayron qoldirishda davom etmoqda edi. - Q...Qayerdan bildiz? - Buni jon deb aytardim-u zaruriyati yo'q, ishonavering, - kuldi yigit. - Jiddiy so'radim. - Bu muhim emas, muhimi sizni birinchi bo`lib men tabrikladim. - Haya, rahmat,- qiz jilmaydi. Biroz surbetroq, lekin bu o`ziga juda yarashadigan kelishgan yigit qizni tabassum qilishga majburlay olardi. Avtobus yo`lga chiqdi. Yigit qizga qiziq narsalar haqida gapirib berar, u oddiy narsalar haqida ham shunday kulguli va jumboqli gapirardiki, qiz miriqib kulardi, teran o`yga tolardi. Bir soatcha yurishgach qiz yigitdan so`radi: - Endi ismimni qanday qilib topganizi ayta qoling. Yigit biroz jim qoldi, keyin qizga qaramasdan so`z boshladi - Dunyoda shunday toifali insonlar borki, o`z fikrini siz-u menga shunchaki bildirolmaydilar. Eshitishadiyu zabonlari yo`q, yoki aksincha eshitmaydilar. Men shunday kishilarga o`z fikrlarini ifodalay olish san'atini o`rgataman. Kasbim shunaqa. Qo`l harakatlari orqali, lablarning qimirlashi orqali ularning nima haqda gapirayotganlarini tushuna olaman. Endi siz haqizda, menimcha vokzalda oyijonizga qo`ng'iroq qilgandiz... Qiz vokzaldagi oyisi bilan telefon suhbatini yodga oldi: - Allo, Assalom-u alaykum oyijon, bu men ...man. - Voalaykum, poyezdga chiqdingmi? Qachon yetib kelasan? - Oyi, poyezddan qolib ketdim. Mehmonxonada to`lovlar bo`yicha muammo bo`ldi. Kelsam, poyezd ketib bo`libdi. Endi avtobusda bora qolaman. Shuning uchun 3-4 soat kechikaman, xavotir olmang. - Vaqtliroq harakatingni qilsang bo`lmaydimi? Bu yoqda hamma seni kutib o`tiribmiz. Bugungi kunni unutdingmi? - Bilaman, oyijon. Bugun tug'ilgan kunim. Unutib bo`larkanmi, kechiring, shunaqa bo`lib qoldi. Bo`ldi, mana yo`lga chiqyapman. - Xo`p qizim, yo`lda ehtiyot bo`lgin. - Xo`p oyijon, xavotir olmang... Qiz uni telefonda suhbatlashayotgan chog'ida kuzatib o`tirganini yodga oldiyu hammasini fahmladi. Barchasi ravshan bo`lgach qiz kuldi: - Demak siz joyizda o`tirgan holda uzoqdagilarning ham nima haqda gapirayotganligini bila olasiz, shunaqami? - Agar lablari harakati ko`rinarli bo`lsa, ha. - Unda anavi orqa o`rindiqda ketayotgan oq sochli odam yonidagi ayolga nima haqda gapiryapti? Yigit orqaroqda o`tirgan o`sha kishi tarafga bir muddat qarab turdi. Keyin qizga uning nima haqda gapirayotganligini tushuntirdi: U qizi haqida gapiryapti. Yonidagi turmush o`rtog'i, qizlarini ko`rishga ketayotgan bo`lishsa kerak. - Qizlarini? - Ha. Qizlari shifoxonada ekan. - Hm... Anavi oldingi o`rindiq yonida tik turib, hozir bizga qarab jilmayayotgan qiz nima haqda gapiryapti? Yigit o`sha tarafga qarab kulib yubordi. Qizning ma'noli qarashiga sokin javob berishga urindi: - U siz haqizda gapirdi. Menimcha aytmaganim ma'qul. - Men haqimdami? Ayting, nima dedi u? - Yaxshi, u anavi chiroyli qiz erining qo`lidan mahkam ushlab olibdi, xuddi qo`yib yuborsa men olib qochib ketaman, dedi. Qiz yarq etib o`z holatiga diqqat qildi. Chindan bu o`yinning qiziqligi gashtidan mashg'ulotga berilib ketgan va yigitning o`ng qo`lini siqib olgandi. Buni o`zi beixtiyor bajarganligi uchun ahamiyat bermagandi. Qiz darhol qo`lini tortib oldi. U oynadan yo`l chetida yastanib yotgan dalalarni tomosha qilishga tushdi. Uning yuzi yonardi. " G'alati... Uyatmi bu? Erimish... Odamlarga ham hayronsan, bilmasdan gapiraverishadi",- o`ylardi qiz. Jilmaygancha hayol surayotgan qizning hayolini yigitning ovozi bo`ldi: - Hey... - Hm? - Avtobus yo`lda to`xtarkan, ul-bul tanavvul qilvolish kerak. - Hm. - Yana "hm" mi? - Hm... Yengil kulgu, haliroq yuzaga kelgan o`ng'aysizlikni hayollardan bir chetga surib tashladi. Avtobus yo`l chetida biroz turgach, yana yo`lga chiqdi. Qiz judayam charchagandi. Yigitning qaysidir mavzudagi sokin so`zlari ta'sirida ko`zi ilindi... - Allo,- qizni uyg'otdi yigit,- uyg'oning malika, shahrizga yetib keldik. Qiz avtobus oynasidan tashqariga qaradi. Darhaqiqat yetib kelishibdi. Yana bir oz yurishsa bas. - Mana bu sizga,- yigit qizga tumor tutdi shu payt,- tug'ilgan kuniz bilan! - Rahmat, hojati yo`q, shundog'am yetarlicha syurpriz kun bo`ldi bugun. - Sovg'ani qaytarishmaydi. To`g'ri, bu tumor u qadar qimmatbaho emas, ammo men uchun qadrli. Bu sizga ham omad keltiradi. Qiz sezdiki, sovg'ani olmasa yigit xafa bo`ladi. - Rahmat,- dedi qiz bejirim tumorni qo`liga olarkan,- chindan omad keltiradimi? - Albattada. - Unaqada, poyezdga nega kech qoldiz? Qizning jilmayib so`ragan savolidan so`ng yigit uning ko`zlariga qaradi va kulib javob berdi: - Poyezddan qolib ketganimni kim omadsizlik dedi... Qizning yuragi jizillab ketdi shu onda... Avtobus to`xtadi. Yigit va qiz avtobusdan tushishdi. Xayrlashish kerak edi-yu, lekin negadir bunday qilishda ularda xohish topilmasdi. Nihoyat, qiz jimlikni bo`ldi: - Mayli, hammasi uchun rahmat sizga, omon bo`ling. - Siz ham. - Xayr... - Nega endi xayr? Balki yana uchrashib qolarmiz? Qiz jilmaydi: - Qaydam... - Men esa ishonaman,- yigit qo`lini avval yuragi ustiga, keyin peshonasiga olib bordi,- axir buni taqdir deydilar... Qiz yigitga so`nggi bor jilmaydiyu burilib ketdi. Ketardi-yu yuragi dukullardi. Hayolida faqat bir so`z aylanardi: buni taqdir deydilar... Birinchi bor uchrashdilar-u birinchi bor ayrilmoqda edilar... Qiz ancha yurib ortiga o`girilib qaradi. Ancha narida biroz surbetroq, lekin bu o`ziga yarashadigan kelishgan yigit xuddi u kabi o`girilib unga qarab turardi ... Yigit shu kun bir kichik e'tiborsizlikka yo`l qo`ygandi. Bu e'tiborsizligi ehtimol bir vaqtning o`zida uning ulkan xatosi ham edi. Davomi bor
|